Answers are grounded in this paper and cite their sources.
Dolzarbligi. Ta'lim sifati o'qituvchi va o'quvchi o'rtasidagi munosabatlar sifatiga bevosita bog'liq: meta-tahlillarga ko'ra, ishonchli munosabatlar o'quvchilarning ta'limga jalb etilishi va natijalari bilan ijobiy bog'lanadi [D.L.Roorda va boshq. 2011]. O'zbekistonda ta'lim sifatini oshirish va zamonaviy pedagogik texnologiyalarni joriy etish ustuvor vazifa sifatida belgilangan [Sh.M.Mirziyoyev 2022]. Muammo. Nazariyada hamkorlikka asoslangan demokratik munosabatlar eng samarali deb e'tirof etiladi [N.M.Egamberdiyeva 2021], amaliyotda esa kuzatilgan 24 ta mashg'ulotning 45,8% avtoritar uslubda o'tdi, o'qituvchi nutqi mashg'ulot vaqtining 71% ini egalladi. Alohida yondashuvlar o'rganilgan, biroq ularning uyg'un tizimini nazorat guruhi bilan taqqoslab tekshirish masalasi ochiq qolmoqda. Maqsad. O'qituvchi–talaba munosabatlarini takomillashtirishning pedagogik modelini ishlab chiqish va uning samaradorligini aniqlash. Natijalar. Tadqiqot 2024–2025-o'quv yilida Osiyo Xalqaro universiteti pedagogika yo'nalishining 60 nafar talabasi va 12 nafar o'qituvchisi ishtirokida o'tkazildi. Munosabatlar 36 tasdiqli anketa, suhbat va 24 ta mashg'ulotni kuzatish orqali hamkorlik, muloqot hamda faollik va motivatsiya mezonlari bo'yicha baholandi (1–5 ball). Guruhlar o'rtasidagi farq Mann–Uitni mezoni [H.B.Mann, D.R.Whitney 1947], guruh ichidagi o'zgarish Vilkokson mezoni [F.Wilcoxon 1945], effekt hajmi Koen d koeffitsienti [J.Cohen 1988] bilan baholandi. 1) Aniqlovchi tajribada munosabatlar asosan o'rta darajada bo'ldi: integral ball 3,16, talabalarning 55,0% o'rta, 26,7% past darajada. Eng past ko'rsatkichlar individual yondashuvni sezish (2,71) va xato qilishdan cho'chimaslik (2,74) bo'yicha qayd etildi. 2) O'qituvchilar bahosi (3,85) talabalar bahosidan (3,16) 0,69 ballga yuqori bo'ldi (p < 0,01): o'qituvchi va talaba munosabat sifatini turlicha idrok etadi. 3) Maqsadli, mazmuniy, faoliyatga yo'naltirilgan, tashkiliy va natijaviy komponentlardan iborat model ishlab chiqildi. Unda hamkorlik kelishuvi, "vaziyat–xatti-harakat–ta'sir" tuzilmasidagi fikr-mulohaza [J.Hattie, H.Timperley 2007], GROW modeliga asoslangan coaching [J.Whitmore 2017; Sh.S.Sharipov 2020], interfaol metodlar va refleksiv portfolio birlashtirildi. 4) 14 haftalik tajriba-sinovda (30 nafardan ikki guruh) tajriba guruhida integral ball 3,14 dan 3,91 gacha oshdi (+0,77; p < 0,001; d = 1,42), nazorat guruhida 3,18 dan 3,28 gacha o'zgardi (+0,10; p = 0,13). Yuqori darajadagi talabalar ulushi tajriba guruhida 16,7% dan 53,3% gacha ko'paydi. 5) Tajriba guruhida o'qituvchi nutqining ulushi 71% dan 46% gacha kamaydi, talabalarning bir mashg'ulotdagi savollari soni 2,4 dan 6,2 gacha, demokratik uslubdagi mashg'ulotlar ulushi 41,7% dan 75,0% gacha oshdi, o'qituvchi va talaba baholari orasidagi farq 0,69 dan 0,11 ballgacha qisqardi. 6) Eng katta o'sish 1-kurs talabalarida kuzatildi (integral ball 2,95 dan 3,78 gacha, +0,83), 2- va 3-kurslarda o'sish mos ravishda +0,80 va +0,68 bo'ldi. 7) Tajriba guruhi talabalarining 86,7% fikr-mulohazani aniq deb baholadi (nazorat guruhida 36,7%), 80,0% xato qilishdan cho'chimasligini bildirdi (nazorat guruhida 30,0%). Xulosa. Xulosa qilar ekanmiz, fikrimizcha, tadqiqot o'z oldiga qo'ygan maqsadga erishdi: model munosabatlarning barcha mezonlari bo'yicha ishonchli o'sishni ta'minladi. Eng katta o'sish aynan eng zaif ko'rsatkichlarda — individual yondashuv, fikr-mulohaza va tashabbusda — kuzatilgani muammo vositalar yetishmasligida emas, balki o'zaro ta'sir sifatida ekanini ko'rsatadi. Xato qilishdan cho'chimaslik ko'rsatkichi (3,50) hamon past, shuning uchun psixologik xavfsizlik [A.Edmondson 1999] uzoq muddatli ish talab etadi. Natijalar bitta muassasada olingani sababli ularni boshqa sharoitlarda tekshirish zarur.
No takes yet. Share an insight, caveat, or question.
Nurmurodova et al. (2026) studied this question.
Synapse has enriched 8 closely related papers on similar clinical questions. Consider them for comparative context: